Suhbatda Afgʻoniston yoʻnalishidagi Oʻzbekiston – Amerika hamkorligining joriy masalalari boʻyicha fikr almashildi.
2018 yil 3 dekabr kuni TIVda Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Amerika Qoʻshma Shtatlarining Muvaqqat ishlar vakili Alan Meltser bilan uchrashdi.
Suhbatda Afgʻoniston yoʻnalishidagi Oʻzbekiston – Amerika hamkorligining joriy masalalari, jumladan turli sohalarda qoʻshma loyihalarni hayotga tatbiq qilishning amaliy jihatlari boʻyicha fikr almashildi.
Uchrashuvda AQSH davlat kotibining Afgʻoniston boʻyicha Maxsus vakili Zalmay Xalilzodning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifi muddati va kun tartibi ham muhokama qilindi.
Eslatib oʻtamiz, AQShning Afgʻonistonda milliy yarashuv jarayoni boʻyicha maxsus vakili Zalmay Xalilzad 2-20 dekabr kunlari bir necha davlatlarga, jumladan, Oʻzbekistonga ham tashrif buyuradi.
Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish masalasi Oʻzbekiston tashqi siyosatining faol yoʻnalishlaridan biriga aylangan.
Bunday boʻlishiga qator ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy jiddiy sabablar mavjud. Toshkentda oxirgi yil davomida Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga bagʻishlangan bir necha xalqaro anjumanlar boʻlib oʻtdi. Ulardan eng muhimlaridan biri - noyabr oyida Afgʻoniston tinchlik oʻrnatish boʻyicha Afgʻoniston, Pokiston va Oʻzbekiston ishtirokida uch tomonlama komissiyaning tuzilishi boʻldi. Xalqaro ekspertlar fikriga koʻra ushbu komissiya Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishda muhim rol oʻynashi kerak.
Read more: sputniknews-uz.com, фото -Mejdunarodnыy press-klub