Tonirovka qilingan xorijiy davlat mashinalaridan yigʻim undirish tartibi tayyorlandi

22 ноября 2018 Tonirovka qilingan xorijiy davlat mashinalaridan yigʻim undirish tartibi tayyorlandi

Xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan avtomashinalarining Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 dollar miqdorida yigʻim undiriladi.

 “Xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qoʻyildi.

 

Qaror loyihasida xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalarining Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun Davlat byudjetiga tushadigan 15 dollar miqdorida yigʻim undirilishi belgilangan.

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga vaqtinchalik kirgan yoki tranzit harakatlanishida boʻlgan chet el rasmiy delegatsiyalarining oynalari tusi oʻzgartirilgan yengil avtotransport vositalariga tadbiq etilmaydi.

Shuningdek, xorijiy davlatlarning oynalari qoraytirilgan yengil avtotransport vositalari haydovchilaridan yigʻimlarni undirish milliy valyuta “soʻm”da Oʻzbekiston Markaziy bankining toʻlov kunidagi kursi boʻyicha naqd pulsiz shaklda yoki tijorat banklari tomonidan naqd pul shaklida, bevosita bojxona postlarida amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Ichki ishlar vazirligi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl-patrul xizmati Oʻzbekiston hududiga vaqtincha kirgan va tranzit harakatlanayotgan xorijiy davlatlarning oynalari tusi oʻzgartirilgan yengil avtotransport vositalari haydovchilaridan majburiy yigʻimlar undirilganligini nazorat tartibida tekshirish uchun kvitantsiya nusxasini koʻrishi belgilangan. 

Shuningdek, haydovchilari tomonidan majburiy yigʻimlar toʻlanmaganligi aniqlanganda, ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq belgilangan tartibda maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtiradi.

Undirilgan yigʻim mablagʻlarini tijorat banklari orqali Oʻzbekiston Davlat byudjetiga yoʻnaltirilishi belgilangan.

Qaror loyihasiga majburiy yigʻimlarni undirish boʻyicha sxemasi ham ilova qilingan.

Ushbu qaror loyihasi 7 dekabrgacha muhokama qilinadi.



Read more: sputniknews-uz, фото - © Sputnik / Ruslan Krivobok