"Toshkent City"ni 4 yilda qursa boʻladimi? Ekspert Roman Osokin bilan intervyu

20 ноября 2018 "Toshkent City"ni 4 yilda qursa boʻladimi? Ekspert Roman Osokin bilan intervyu

Keng koʻlamdagi islohotlar Oʻzbekiston tarixida yangi sahifani ochdi. "Toshkent City" loyihasi bilan esa Oʻzbekiston jahon sahnasida zamonaviy va taraqqiy etayotgan respublika sifatida namoyon boʻlishi kerak edi. Ammo ekspert Roman Osokin ushbu loyihani amalga oshirishda baʼzi kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani va shu tufayli “Toshkent-Siti” loyihasi atrofida muammolar yuzaga kelayotganini aytmoqda

 Katta qurilish - bu katta mablagʻ degani. Toshkent katta harajatlar sinoviga tayyormi, xalqaro ekspertlar bugun Oʻzbekistonga qanday tavsiyalarni berishmoqda? Umuman, mamlakatdagi shahar qurilishi bilan bogʻliq masalalar va "Toshkent-Siti" qurilishini amalga oshirish muddati haqida Sputnik Oʻzbekiston muxbiri Toshkent City loyihasida bevosita ishtirok etgan, loyihalarni boshqarish boʻyicha ekspert Roman Osokin bilan suhbatlashdi.

 

Joriy yil iyun oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev Xalqaro Press-klub sessiyasida Toshkent City loyihasi haqida toʻxtalgan va bu nafaqat Oʻzbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi eng ulkan loyihalardan biri boʻlishini qayd etgan edi. Oktyabr oyi boshida Oʻzbekistonda ilk marotaba UDAW 2018 - Dizayn va arxitektura haftaligi oʻtkazildi. Dizayn haftalik dunyoning taniqli dizaynerlari va arxitektorlarini Toshkentda toʻplashi, professionallar oʻz ishlarini koʻrsatishi, boshqalar bilan fikr va tajriba almashishi koʻzda tutilgan edi.

Dizayn haftalikda bevosita ishtirok etgan Roman Osokin tadbirdan olgan taassurotlari va fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

"Dizayn va arxitektura haftaligi - Oʻzbekistonda oʻtkazilgan bu turdagi birinchi tadbir boʻldi. Bu borada tanqidiy fikr bildirishdan yiroqman, sababi, uning oʻtkazilishining oʻziyoq katta muvaffaqiyat desa boʻladi. Agar bu haftalik Moskvada har yili oʻtkaziladigan Urban forum - yaʼni developer, arxitektor, urbanistlar va siyosatchilarni bitta muzokara maydonchasiga toʻplay oladigan miqyosga yeta olsa, bu uning eng katta yutugʻi boʻlardi. Istagim ham shu. Muhimi, u navbatdagi odatiy reklama yoki dizayn koʻrgazmasiga aylanib qolmasin...".

Osokin Oʻzbekistonga bugungi kunda bu kabi tadbirlar juda kerak, deb hisoblaydi. Chunki "respublikada shaharsozlik, arxitektura, umuman, shaharning kelajakdagi tashqi qiyofasini belgilovchi muzokaralar maydoniga boʻlgan ehtiyoj bugun juda yuqori".

"Men loyihani maksimal qisqa vaqt ichida boshqarish boʻyicha master klass oʻtdim. Oʻzbekistonda mijozlar sizdan imkon qadar qisqa vaqtda ishini bitirib berishingizni soʻrashadi. Arxitektorlar ham dizayn uchun noreal qisqa vaqt belgilaydilar va meni nazarimda, bu hamisha ham oʻzini oqlamaydi. Shu bois, loyihalashtirish boʻyicha jarayonni qisqa vaqtda tugallangan holatga keltirish uchun ularga oʻz yechimlarimni yetkazishga harakat qildim", - deydi Osokin.

 

Ekspert muddat masalasiga qaytar ekan, Oʻzbekistonda koʻpincha "Qanchalik tez?", degan savolga duch kelishini tan oladi.

"Shunday vaqtlarda mijoz oʻziga-oʻzi oʻta muhim boʻlgan "Nega?" degan savolni berishini xohlayman va shunga harakat qilaman. Yaʼni tezda bajara olamizmi, ehtimol bajara olamiz. Lekin natijada nimaga ega boʻlamiz, keling shu haqda oʻylab koʻraylik, yaʼni xatarlarga baho beraylik. Umuman olganda, har qanday loyihani boshlashdan oldin - u nega kerak degan savolni chuqur oʻylab koʻrish lozim", - deya oʻz fikrlari bilan boʻlishadi Osokin.

Qurilish va siyosat

Suhbatimiz qurilish va siyosatning oʻzaro bogʻliqliklariga koʻchadi. Shunda Osokin Oʻzbekiston poytaxtida oʻtkazilgan dizayn haftaligi ishtirokchilaridan biri - mashhur ispan arxitektori Manuel Nunyes-Yanovskiy oʻz chiqishining yarmini arxitektura emas, siyosatga bagʻishlagani haqida aytib oʻtadi.

 

"Shahar qurilishida siyosat nima uchun kerak? Bunda bosh maqsad - xorijiy davlatlar investorlari va siyosatchilariga loyiha taqdimotini oʻtkazish bilan birga loyihaning xalq uchun ahamiyatini tushunarli izohlab berishdir. Agar yaxshilab tushuntira olsangiz, ehtimol ishlar jadallashar. Shu bilan birga, "Nega?" degan savol chuqur oʻylab koʻrilsa, balki qurilishni tezlashtirish zarurati ham yoʻqolar", - deydi Osokin .

Oʻn yildan ziyod tajribaga ega boʻlgan xalqaro ekspert Oʻzbekistonda "Nega?" degan savolga javob berilmasligi, umuman shaharga koʻchmas mulklar va ulkan loyihalar nega kerakligi toʻgʻrisida deyarli gapirilmasligini taʼkidlab oʻtadi.

Suhbatdosh "Toshkent City" Oʻzbekistonning butun boshli iqtisodiyoti indikatori rolini bajarishi kerak boʻlgan bir vaqtda mutasaddilar ushbu loyihaning ham tashqi ham ichki manifestatsiyasi uchun masʼul ekanligini qayd etadi.

 

"Misol uchun, Moskva-Siti qurila boshlaganida, Moskvaga kirishni rejalashtirgan har qanday investor eng avvalo Moskva-Sitida roʻy berayotgan oxirgi voqealar haqida maʼlumotga qiziqib koʻrardi. Hamma ish turibdimi - qurilish boʻlmayaptimi - unda men ham kutib turaman, derdi investorlar. Toshkent-Siti loyihasi jamoasi nafaqat qurilish oxiriga yetkazilishi va uning moliyaviy jozibadorligi, balki loyiha bilan bogʻliq maʼlumotlarni tushuntirib berish uchun ham masʼul. Lekin afsuski, bu loyihaning Toshkent aholisi uchun nega kerakligi haqidagi tushunarli manifestatsiyani men hali ham koʻrganim yoʻq. Unda qurilayotgan metrlar haqida gapirishmoqda, bu yaxshi. U yerda yashash qulayliklari haqida aytishdi - tasanno. Hatto park hamma uchun ochiq boʻlishini maʼlum qilishdi. Lekin bu loyiha Toshkent hokimligiga nega kerakligi hamon ochiq qolmoqda", - deydi xalqaro ekspert va ayni vaqtda ushbu loyihada qanday ehtimoliy xatarlar mavjudligini aniqlashtirib olish kerakligini qoʻshimcha qiladi.

Osokin fikricha, koʻp maʼlumotlar ochiqlanmasa-da, loyihani amalga oshirishdan maqsad - bu yangi ish oʻrinlari va soliqlar boʻlishi mumkin.

"Toshkent-Siti" "Moskva-Siti"dan nimalarni oʻrganishi mumkin?

Roman Osokin Toshkent-Siti dunyodagi eng yirik loyihalar bilan raqobatlashayotganini taʼkidladi.

"Cushman & Wakefield"dagi hamkasblarimiz va Toshkent-Siti direktori bilan birgalikda ushbu loyihaning moliyaviy kontseptsiyasini ishlab chiqishda, dunyoda biz namuna olishimiz mumkin boʻlgan "Toshkent-Siti" loyihasini aynan takrorlovchi referent loyihani topa olmadik. Ammo maydoni jihatdan oʻxshash relevant loyihalarni uchratdik. Bitta farqi shundaki, "Toshkent-Siti"ga oʻxshash loyihalarning barchasi dunyo boʻyicha 15-20 yil muddatda qurilgan", - deydi ekspert va Oʻzbekistondagi loyihani toʻrt yilda amalga oshirish rejasiga mutaxassis sifatida "urinib koʻrish mumkin", deya baho beradi.

 

Eskpert bugungi kunda moliyaviy jihatdan muvaffaqiyat qozongan "Moskva-Siti", uni qurishda yoʻl qoʻyilgan xatoliklar va ushbu kamchiliklardan chiqarish mumkin boʻlgan xulosalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Osokin, bu loyihaning muvaffaqiyatini belgilagan asosiy sabablardan biri - Moskva meriyasining ushbu loyihaga "master-developer" sifatida kiritilganida deb biladi.

"Boshida loyihaga munosabat boshqacha edi. Maydonlar taqsimlanib, Bosh reja va aksariyat binolarning dizayni ishlab chiqilgan va investorlarga "nima xohlasang, qur" degan maʼnoda toʻliq erkinlik berilgan edi. Yaʼni davlatning investorlarni Bosh rejaga amal qildirish boʻyicha qatʼiy pozitsiyasi yoʻq edi. Natijada, davlat loyiha rahbari safidan deyarli chiqdi, shu tariqa markazda park oʻrnida "Afimoll" koʻngilochar-savdo majmuasi qurildi, barcha binolarda kutilmaganda qoʻshimcha qavatlar paydo boʻla boshladi, yaʼni, menimcha, investorlarning oʻylab koʻrilmagan ochkoʻzligi tufayli "qoʻshnilar" oʻrtasida kimning binosi balandroq boʻlishi borasida "poyga" boshlandi. Natijada, bozor oʻzlashtirishi mumkin boʻlgandan koʻproq maydonlar yuzaga keldi", - deydi suhbatdosh.

Osokin Moskva-Siti loyihasi hayotga tatbiq etilishida, shu tariqa, davlatning hatto marketingda ham roli boʻlmaganiga eʼtibor qaratadi. Mana shu tajribadan xulosa chiqargan holda, investorlar qiziqishini qozonish uchun loyiha kelajakda mayda 8ta "Toshkent-sitichalar" emas, balki yagona loyiha sifatida taklif etish kerak, deydi. Va bunda davlatning aniq va qatʼiy pozitsiyasi talab etiladi.

Toʻsiqlar masalasi - ular nega kerak?

Roman Osokin suhbatimiz davomida qurilish amalga oshirilayotgan vaqtda щrnatiladigan va qurilishdan keyingi toʻsiqlar haqida batafsil toʻxtaldi.

 

"Eʼtibor beradigan boʻlsak, qurilish boʻlayotgan hudud (Toshkent-Siti hududi demoqchi - tahr.) juda chiroyli, juda baland toʻsiqlar bilan oʻralgan. Men San-Frantsisko va Las-Vegasda loyihalarni boshqarganim sababli, Toshkent-Siti rahbarlari mendan ekspert sifatida "Roman, San-Frantsiskoda toʻsiqlar qanaqa boʻladi?", deb soʻrashgan. Men San-Frantsiskoda baland toʻsiqlar man etilganini aytdim. U yerda barcha qurilish maydonlari setkalar bilan oʻralgan boʻlishi kerak. Yaʼni bu Hukumatning oʻziga xos shaffofligi ramzi hisoblanadi: istalgan fuqaro qurilish ishlari jarayoni qay tartibda ketayotganini kuzatish imkoniga ega. Deylik, qurilish krani ikki haftadan buyon joyida turibdimi yoki maydondagi inshootlar balandligi oshyaptimi - odamlar bu jarayonni kuzatib borishdan mahrum etilmaydi", - deydi ekspert.

Osokin, Toshkentdagi qurilish maydonini baland toʻsiqlar bilan oʻrash qarori mutasaddilar tomonidan shahar aholisini qurilish maydonidagi changlardan himoya qilish maqsadida qabul qilingan boʻlishi mumkin, degan taxminni ilgari suradi. Shuningdek, toʻsiqlardagi suratlar odamlarga ushbu maydonda qanday inshootlar bunyod etilishi borasida oʻziga xos maʼlumot boʻlishi mumkinligini ham inkor etmaydi. Lekin shunday boʻlsa-da, ekspert loyiha rahbarlariga tajriba ozlik qilganini iddao qildi.

 

"Baland toʻsiqlar Yevropa davlatlarida qoʻllanilmaydi, Moskva-Siti qurilishida ham maydon atrofi setka bilan oʻralgan, va kerak boʻlsa, fuqarolar uchun maxsus "kuzatuv-maydonchalari" bunyod etilgan edi. Nazarimda, shahar markazida mavjud boʻlgan toʻsiq - bu muvaffaqiyatsizlikning tan olinishi", - deydi Osokin.

Ekspert soʻzlariga koʻra, "Toshkent-Siti" qurilishi uchun shaharning eng yaxshi maydoni tanlangan. Va hatto qurilish maydonining "eng yaxshi" qismi - eng qimmat lot - uy-joylar uchun ajratib berilgan. Roman Osokin ishbilarmonlik markazi boʻlishi kutilayotgan Toshkent-Sitiga uy-joylar kerak emas edi, degan fikrda.

"Agar biz yangi iqtisodiyot sari harakat qilmoqchi ekanmiz, nega biz bor diqqatimizni biznesga qaratmaymiz? Nega Toshkent-Siti 80% maydonnigina ofislar uchun ajratgan. Menimcha, loyihaning muvaffaqiyati bilan bogʻliq savollarni mana shu yerdan qidirish kerak. Kimdir u yerdan kvartira olish-olmasligi masalasi, muvaffaqiyatsizlik koʻrsatkichi boʻlmasa ham, bu loyihaning koʻlami boshpana masalasidan kengroqligini taʼkidlamoqchiman", - deydi suhbatdosh va loyihaning shahar uchun foydali jihati Toshkent-Sitida kelajakda ishlaydigan ishchilardan olinadigan soliqda ekanligini eslatib oʻtadi.

Toshkent - katta xarajatlarga tayyormi?

Xalqaro ekspert, Oʻzbekiston poytaxtida Toshkent-Sitidek ulkan loyihani amalga oshirish uchun zaxira borligini, misol uchun maʼlum bir loyihani amalga oshiradigan investorlar topilishini taʼkidlaydi.

"Masala shundaki, bu zaxiralar chegaralanmagan emas, tabiiyki, chet ellik investorlarni olib kelish kerak. Oʻzbekistonga kirib keladigan investorlar duch keladigan masalaga toʻxtalsak, ha, mamlakatda ajoyib maydonlar, Hukumatning turli darajada qoʻllab-quvvatlovi, bularning barchasi bor, faqat kommertsiya borasida maʼlumot yoʻq. Yaʼni investor oʻz mablagʻini nimaga tikishini aniq koʻrsata oladigan iqtisodiy axborot mavjud emas", - degan fikrda ekspert.



Read more: sputniknews-uz,  Dilshoda Rahmatova, foto-© Iz lichnogo arxiva Romana Osokina