Yulduzlar Gulnora Karimovani qoʻllab-quvvatlagani rostmi - Sputnik tahlili

27 июня 2019 Yulduzlar Gulnora Karimovani qoʻllab-quvvatlagani rostmi - Sputnik tahlili

Ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida bir necha kundirki mahalliy mashhurlar nomidan birinchi prezidentning qizi - Gulnora Karimovani ozod qilish haqida daʼvatlar paydo boʻlmoqda. Keyinchalik ular safiga ayrim OAV va blogerlar ham qoʻshildi. Aslida nima roʻy berayotgani haqida Sputnik Oʻzbekiston materialida oʻqing.

TOSHKENT, 27 iyun — Sputnik. Oʻzbek ijtimoiy tarmoqlarida yoppasiga Gulnora Karimovaning ozod qilinishiga bagʻishlangan xabarlar paydo boʻla boshladi. Kimdir Karimovaga atab dil izhor qilgan boʻlsa, boshqalari - sogʻlik tilashmoqda, uchinchi toifadagilar esa uning ozod etilishiga umid bildirishgan.

Gulnora Karimovaning qizi Imon soʻnggi vaqtlarda Instagram da faollashdi. Ayrim OAVlar uning postlariga tayanib, "yulduzlar Karimovaning ozod etilishini talab qilishmoqda", deya xabar bera boshladilar. Sputnik Oʻzbekiston mana shu voqealarga oydinlik kiritishga harakat qildi.

Yulduzlar

Respublika shou-biznes olamining ayrim vakillari haqiatan ham Karimovani qoʻllab-quvvatlashlarini bildirganlar. Ular orasida qiziqchi Halima Ibragimova ham bor. Faqat u Karimovaga bagʻishlab yozilgan postni bir oz vaqtdan soʻng negadir olib tashlagan. Sanʼatkor oʻz postida Karimovaga kuch va sogʻlik tilab, tezroq uyiga, farzandlari bagʻriga qaytishiga umid bildirgan.

Taniqli oʻzbek musiqachisi, Bojalar guruhi solisti prezidentning toʻngʻich qizini sogʻinganini bildirgan. Jahongir Poziljonov ijtimoiy tarmoqlarga Gulnora Karimova bilan birga tushgan suratini joylagan.

Feyklar

Qator OAVlar, mashhurlarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaridan skrinshotlarni eʼlon qilib, bu "fleshmob"ni "xalq tashabbusiga" chiqarganlar. Shu bilan birga, Instagramdagi har bir shunday xabarda Karimovaning qizi Imon akkaunti belgilangan boʻlgan.

Ammo keyin maʼlum boʻldiki, "yulduzlar"ning ayrim profillari shunchaki feyk boʻlib chiqdi, yulduzlar esa oʻzlari nomidan kimdir "madad postlarini" chop etayotganligidan hatto xabarlari yoʻqligini tan olishgan.

Sputnik xuddi shunday uchta misolni tahlil qildi. Xonanda yoki aktrisalarning rasmiy akkauntlarida Karimova haqida xabarlar mavjud emas, ammo mashhurlarga tegishli boʻlmagan, lekin ular nomidan yuritilayotgan boshqa akkauntlarda qamoqqa olingan Karimovaga atab yangi postlar chop etilishda davom etmoqda.

Misol tariqasida, taniqli aktrisa Shahzoda Matchanovaning akkauntlarini keltiramiz.

Aktrisaning feyk akkaunti chapda, rasmiy akkaunti esa oʻngda joylashgan.

Xuddi shunday holat xonanda va aktrisa Rayhon bilan ham takrorlangan.

Xonanda Rayhonning yeyk akkaunti chapda, rasmiy akkaunti esa oʻngda joylashgan.

Keyinchalik ushbu feyk sahifalarning aksariyati oʻz nomini "fan hamjamiyatlar"ga oʻzgartirgan, ayrim postlar esa hatto olib tashlangan. Ammo bu holat ayrim nashrlar hech narsadan bexabar va bunday aktsiya borligi haqida hatto oʻylamagan estrada yulduzlarini Karimova tarafdorlari safiga qoʻshish uchun yetarli boʻldi.

Sputnik Oʻzbekiston ijtimoiy tarmoqlarda aktrisa Jamila Gʻofurova bilan bogʻlandi, aktrisa Internetda uning nomidan chop etilayotgan postlarga oʻzining aloqasi yoʻqligini maʼlum qildi.

Gʻofurova biz bilan muloqotdan soʻng Instagram dagi rasmiy sahifasida oʻz kuzatuvchilariga Karimovani qoʻllab-quvvatlash aktsiyasiga oʻzining hech qanday aloqasi yoʻqligi haqida maʼlum qildi va Stories ga klon-sahifani joylab qoʻydi.

"Oʻzbekkontsert" vakillaridan, shou-biznesning boshqa koʻplab vakillaridan kabi, bu mavzuda izoh olishning imkoni boʻlmadi. 

Gulnora Karimovaning jinoyatlari

Ayni vaqtda Oʻzbekiston prezidentining toʻngʻich qizi Gulnora Karimova ikkita jinoyat ishi boʻyicha jazoga tortilgan. Bundan tashqari, Karimovaning 133 million dollar hajmidagi aktivlarini Oʻzbekistonga qaytarish jarayoni boshlab yuborilgan.

Tergov davomida ushbu mablagʻlar noqonuniy yoʻl bilan topilgani, soʻngra chet elda, koʻproq Shveytsariyada "yuvilgani" aniqlangan. Olti yildan uzoqroq vaqt davom etayotgan jinoyat ishida 784 million dollarga yaqin mablagʻ muzlatib qoʻyilgan.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi maʼlumotlariga koʻra, ikkita jinoiy ish boʻyicha yetkazilgan zararning umumiy miqdori taxminan 2 milliard dollarni tashkil etadi. Rasmiy Toshkent Gulnora Karimovaning 12ta davlat, shu jumladan, Rossiyadagi umumiy summasi 1,5 milliarddan ziyod boʻlgan mol-mulkini hibsga olish tashabbusi bilan chiqqan.