"Meni hatto onam tanimadi": Bulungʻurda 10 kunlik kelinchakni eri ayovsiz kaltakladi

3 июня 2019 "Meni hatto onam tanimadi": Bulungʻurda 10 kunlik kelinchakni eri ayovsiz kaltakladi

Eridan ayovsizlarcha kaltak yegan kelinchakni qoʻshnilari kasalxonaga olib borishgan. Ichki ishlar boʻlimiga olib borilgan zoʻravon er u yerdan biroz oʻtib qoʻyib yuborilgan

TOSHKENT, 31 may - Sputnik. Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida yashovchi Zuhra Umarova kelinligining oʻninchi kunida eri tomonidan ayovsiz kaltaklanishi oqibatida tuman kasalxonasining jonlantirish boʻlimiga tushdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Jabrdiydaning aytishicha, mashʼum kecha eri "muzqaymoq olib kelish" bahonasida uydan chiqib ketib, mast holatda qaytib kelgan va janjal boshlab, uni shafqatsizlarcha kaltaklagan.

Zuhra eshik ichkaridan eri tomonidan yopib qoʻyilgani tufayli qaynonasi unga yordamga kelolmaganini aytadi.

Oʻlgudek savalangan va hushini yoʻqotgan yosh kelinchak qoʻshni tomonidan kasalxonaga olib borilgan.

"Meni hatto tuqqan onam tanimadi", - yigʻlaydi Zuhra. Ayolning yuzlari shishib ketgan, koʻzlari qontalash va deyarli ochilmaydi.

Kelinchakning onasi esa kuyovi ichki ishlar boʻlinmasiga olib borilgach, bir ozdan soʻng u yerdan qoʻyib yuborilganini hikoya qildi. Huquq muhofazasi idorasi ostonasini tark etayotgan "kuyov" shu yerda turgan qaynonasini kurakda turmaydigan soʻzlar bilan qattiq haqoratlagan.

Zuhraning onasi shuningdek, ichki ishlar organi xodimlari "qizingizni oʻz pulingizga davolating, u oiladan pul soʻrab yurmang, boʻlmagʻur oila" deya maslahat berishganini qoʻshimcha qildi.

"Oʻzingizga qimmatga tushadi" degan soʻzlardan soʻng ona oʻz jigarbandini hatto tibbiy ekspertizadan ham oʻtkaza olmagan.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Tanzila Narbayeva Sputnik muxbiri bilan suhbatda "qoʻmita Oʻzbekiston ayollari bilan ochiq muloqotni boshlagach, maishiy zoʻravonlik masalasi mamlakatda qanchalik chuqur ildiz otganini tushunganini" aytgan edi.

Oʻzbekistonda bugun zoʻravonlik qurbonlari uchun shelterlar, yaʼni boshpanalar tashkil qilinmoqda. Zoʻravonlik qurbonlari boʻlgan ayollar uchun 1146 qisqa ishonch raqami ishga tushirilgan boʻlsada, shafqatsizlik qurboniga aylanayotgan ayollarning aksariyati bu haqda hatto bilmaydi.

Zuhra Umarova Xotin-qizlar qoʻmitasi u bilan yuz bergan hodisaga beeʼtibor boʻlmasligiga umid qiladi.