Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan yigʻilishda maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvini qatʼiyan cheklash boʻyicha choralar koʻrish kabi qator vazifalar belgilab berildi.
Joriy yilning 22 yanvar kuni Xalq taʼlimi vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi "Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati toʻgʻrisida videokonferentsiya tarzida yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Majlis davomida 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida zamonaviy yagona maktab formasi joriy etilayotgani munosabati bilan taʼlim muassasalari, joylardagi xalq taʼlimi boʻlimlari va boshqarmalari rahbarlari maktab formalarini vaqtida ishlab chiqarishni tashkil etish uchun oʻquvchilar soni boʻyicha maʼlumotlarni oʻz vaqtida shakllantirishi lozimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, vazir oʻrinbosari tomonidan maktab direktorlarining maktab formasi xaridi bilan bogʻliq masalalarga aralashishi qatʼiyan taqiqlanganligi takror va takror aytilishiga qaramasdan ayrim maktab direktorlari ota-onalarga qaysi ishlab chiqaruvchining maktab formasini sotib olishlari kerakligini "tavsiya" qilib kelayotgani tanqid ostiga olindi. Taʼlim muassasasi xodimlari ushbu jarayonlarga aralashmasligi haqida ogohlantirildi.
Maktab formalarini qayerdan va necha puldan olsa boʻladi >>>
Eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, "Oʻztoʻqimachiliksanoat" uyushmasi maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar roʻyxatini hududlar boʻyicha shakllantirishi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari "Oʻztoʻqimachiliksanoat" uyushmasi bilan birga respublikaning har bir tuman (shahar) markazining aholiga qulay joylarida maktab formasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning savdo shahobchalarini tashkil etishlari, shahobchalarning joylashish manzillarini OAV orqali eʼlon qilinishi belgilangan.
Maktab formasi uchun gazlama Koreya bilan hamkorlikda ishlab chiqarilishi mumkin >>>
Yigʻilish yakunida qarorda koʻrsatib oʻtilgan vazifalar bilan birgalikda maktablarda tashkil etiladigan ota-onalar majlislarida taʼlim muassasalariga maktab formasining afzalliklari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini doimiy ravishda olib borish, maktab direktorlari yoki sinf rahbarlari tomonidan yagona maktab formasini sotib olish jarayoniga aralashuvini qatʼiyan cheklash boʻyicha choralar koʻrish kabi qator vazifalar belgilab berildi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Ramiz Baxtiyarov