Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyevning aytishicha mamlakat hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan oʻtkaziladi
25 yanvar Toshkent shahrida "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari: ilk natijalar va kelgusi rejalar" mavzusidagi xalqaro anjumani boʻlib oʻtdi.
2019 yil "Obod qishloq" dasturi: asosiy tadbirlar va mablagʻ
Tadbirda 250 dan ziyod soha mutaxassislari – mahalliy hokimiyat, mutasaddi vazirlik va idoralar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlik hamjamiyati hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Kun davomida "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari doirasida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar, qishloq hududlarida sarmoyaviy loyihalarning amalga oshirilishini monitoring qilishga fuqarolarni jalb qilish, tashkiliy mexanizmlar va moliyalashtirish boʻyicha maqsadli jamgʻarmalarni shakllantirish kabi masalalar muhokamada boʻldi.
Oʻzbekiston prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Muhammadiyev tadbir doirasida mamlakatda amalga oshirilayotgan siyosiy-ijtimoiy islohotlar borasida soʻzladi.
"Mamlakatimiz rahbari gʻoyasi bilan bugun xalqimizni hayotdan rozi qilishning, yurtimiz yangi qiyofasini yaratishning eng samarali mexanizmlaridan biriga aylanib ulgurgan "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlariga prezidentimizning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlar tahlili asos boʻldi. Xalqaro tajribaga tayansak, iqtisodiy rivojlanish avvalo qishloq joylarni rivojlantirishdan, qishloq odamlari hayoti darajasini oshirishdan, ularning ongi va dunyoqarashini oʻzgartirishdan boshlanadi. Virtual va Xalq qabulxonalariga yillar davomida minglab qishloq joylarida zarur shart-sharoitlar yaratib berilmagani, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilashga yetarlicha eʼtibor qaratilmagani, kommunal infratuzilma obʼyektlari eskirib qolgani, uylar qurilishi, yoʻllar, ijtimoiy obʼyektlarning (maktab, bogʻcha, poliklinikalar v.b) taʼmirtalabligi, aholi dam olish maskanlari mavjud emasligi, jamoat transport qatnovlari, davlat xizmatlari qoʻrsatish darajasi juda pastligi boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushgan. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini murojaatlar bilan ishlash jarayonida aniqlangan mamlakatning chekka va olis qishloqlaridagi ana shunday oʻtkir muammolarga amaliy yechim sifatida koʻrish mumkin", - deydi Muhammadiyev.
Mirziyoyev: "Oldimizda qanday ish turganini Manas misolida koʻrsatmoqchiman"
Oʻzbekiston hayotida ilk marta bir hujjatni qabul qilishdan avval uning mexanizmlari amaliyotda sinovdan oʻtkazildi: Mirziyoyev topshirigʻi asosida "Obod qishloq" dasturi Jizzax viloyati Doʻstlik tumanining "Manas" qishlogʻidan boshlandi.
Boshqa mamlakatlardagi qishloq joylarini rivojlantirish dasturlaridan farqli oʻlaroq, “Obod qishloq” dasturini Manas qishlogʻida sinovdan oʻtkazishda muammolarni kompleks hal qilish uchun, avvalo, davlat tashkilotlarining masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari uyma-uy yurib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni ich-ichidan oʻrganishi tashkil qilindi.
Har bir soha boʻyicha nima ishlarni qanday amalga oshirish mahalliy aholi muhokamasidan oʻtkazildi. Bunda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, balki ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish, aholining huquqiy ongi-madaniyatini oshirish, hatto sogʻlom turmush tarzini, sogʻlom ovqatlanish qoidalarini joriy qilishgacha boʻlgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
"Asosiy eʼtibor hududdagi ishsizlik bilan bogʻliq muammolarga yechim topishga qaratildi. Bunda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng ogʻir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta kuch tashlandi. Ularga tayyor uy berish yoki uyini taʼmirlab berish yoʻli bilangina emas, balki imkoniyati darajasida ishlab hayotda oʻz oʻrnini topishlari uchun sharoitlar yaratish yoʻli bilan ham koʻmak berildi: kasb-hunarga oʻqishi, kafolatlangan ish bilan band boʻlishi va uyda tadbirkorlikni (uyda tikish-bichish, kasanachilik, chorvachilik, issiqxona, ishlab chiqarish mahsulotlarini qadoqlash v.h.) yoʻlga qoʻyishi uchun barcha imkoniyat-sharoit yaratib berildi. Mana shunday keng qamrovli kompleks yondashuv "Obod qishloq", "Obod mahalla" dasturlarini dunyoda oʻxshashi yoʻq, noyob va yangi tizim deyish uchun yetarlicha asosdir, - deya tushuntiradi suhbatdosh.
Yana bir muhim jihat – “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarida qatnashgan tadbirkorlarga davlat tomonidan keng imtiyozlar yaratib berildi. Xususan, mahalliy qurilish materiallari va jihozlarini arzonlashtirilgan narxlarda yetkazib berish uchun har bir aholi punktida firma doʻkonlari tashkil etildi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-Iz lichnogo arxiva Ulugbeka Muxammadiyeva