Ushbu hafta oxirida 12-13 yanvar kunlari Samarqandda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi boʻlib oʻtadi.
Yetti davlat tashqi ishlar vazirlari Samarqandda uchrashadi, deb xabar qilmoqda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi.
“12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida “Hindiston – Markaziy Osiyo“ muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afgʻoniston ishtirokida ilk uchrashuvi boʻlib oʻtadi”, - deyilgan xabarda.
Uchrashuvda mamlakatlar orasida savdo hajmini oshirish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xoʻjaligiga investitsiyalar jalb qilish masalalari hamda madaniyat, ilm-fan, taʼlim va turizm sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Uchrashuv yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot qabul qilinishi koʻzda tutilgan.
Uchrashuvda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj, Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozogʻiston tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Muxtor Tleuberdi, shuningdek, Afgʻoniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy ishtirok etadi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Flickr/ David Holt