Avvallari xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlarini tayinlash tizimi shaffof emasligi bois bir qancha savollar yuzaga kelar edi, deyiladi vazirlik xabarida
Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vazirligi rasmiy saytida Jizzax va Qashqadaryo viloyatlaridagi viloyat xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlari vakant lavozimlariga boʻsh ish oʻrinlarini eʼlon qilindi.
Vazirlik ushbu lavozimlarga birinchi marta ochiq tanlov oʻtkazmoqda. Avvallari xalq taʼlimi boshqarmalari boshliqlarini tayinlash tizimi shaffof emasligi bois bir qancha savollar yuzaga kelar edi, deyilgan xabarda.
Hozirda ish.uzedu.uz saytiga tashrif buyuruvchilar Toshkent shahridagi maktablar, xalq taʼlimi boshqarmalari, shuningdek Xalq taʼlimi vazirligining respublika tashkilotlaridagi boʻsh ish oʻrinlari bilan tanishishlari mumkin. Sinov muvaffaqiyatli yakunlangach, mazkur tizim Oʻzbekistonning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etilishi aytilmoqda.
Taʼkidlanishicha, boʻsh ish oʻrinlarini ochiq eʼlon qilinishi nomzodlarning maʼlumotlar bazasini yaratishga hamda eng yaxshi nomzodlarni tanlab olishga imkon beradi.
Xalq taʼlimi vazirligining Xodimlar bilan ishlash boshqarmasi boshligʻi Aziz Karimovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan tizimdagi barcha jarayonlarning oshkoraligini taʼminlash ustida ish olib borilmoqda.
Boʻsh ish oʻrinlarining jamoatchilikka ochiq eʼlon qilinishi orqali nomzodlar tanlashda raqobat kuchaytiriladi. Bu esa oʻz navbatida malakali mutaxassislarni tanlash imkoniyatini yuzaga keltiradi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-Spuntik / Vladimir Fedorenko