Mirziyoyev: 2019 yil turizm rivojida tub burilish yili boʻladi

10 января 2019 Mirziyoyev: 2019 yil turizm rivojida tub burilish yili boʻladi

2025 yilda xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, turizm eksportidan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bu haqda 8 yanvar kuni investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida aytib oʻtdi.

Davlat rahbari, jumladan, Vazirlar Mahkamasining ijtimoiy kompleksiga oid vazifalarga ham toʻxtalib, turizm sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi. 

“Turizm uchun bosqichma-bosqich hamma sharoitlarni yaratyapmiz, investorlarga, ishbilarmonlarga keng imkoniyatlar beryapmiz. 2019 yil turizm rivojida tub burilish yili boʻladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga Murojaatnomasida ham bu soha rivoji boʻyicha takliflar bildirgan edi.

Ushbu takliflarni amalda tatbiq etish maqsadida prezidentning joriy yil 5 yanvardagi farmoniga muvofiq 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Kontseptsiyasi tasdiqlandi. Shuningdek, oʻsha kuni imzolangan prezident qarori bilan mehmonxonalar tashkil etish boʻyicha istiqbolli investitsiya loyihalari roʻyxati qabul qilindi. 



Read more: sputniknews-uz.com, фото-Press-slujba prezidenta Uzbekistana