Oʻzbekiston – Ummon oʻyinining eng yorqin lahzalari

10 января 2019 Oʻzbekiston – Ummon oʻyinining eng yorqin lahzalari

Kecha Sharjada boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Ummon oʻyini 2:1 hisobida Oʻzbekiston gʻalabasi bilan yakunlandi.

Osiyo Kubogi doirasida kecha BAAda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Ummon oʻyini 2:1 natija bilan yakunlandi.

Barcha oʻzbekistonliklarni gʻalaba bilan tabriklagan holda, ushbu oʻyinning eng yorqin lahzalari aks etgan videolavhani eʼtiboringizga havola etamiz.

Dastlabki golni Oʻzbekiston terma jamoasining yulduzi, bir kun oldin 2018 yilning eng yaxshi oʻyinchisi unvonini olgan Odil Axmedov urdi. Odil 34 daqiqada jarima toʻpini mohirlik bilan raqib darvozasiga yoʻlladi.

Lekin Ummon jamoasi ham boʻsh kelmadi. Ular ikkinchi boʻlimda hisobni tenglashtirishga muvaffaq boʻlishdi.

Oʻyin oxirida maydonga tushirilgan Eldor Shomurodov  86-daqiqada raqibning ikki oʻyinchisidan toʻpni olib oʻtib toʻgʻri darvozaga yoʻlladi. Shunday qilib oʻyin 2:1 hisobida yakunlandi.

Qoʻshimcha vaqtda Oʻzbekiston terma jamoasi oʻyinchisi Yegor Krimets oʻz jarima maydonchasida yoʻl qoʻygan xatosi uchun qizil kartochka oldi. Endi Krimets keyingi oʻyinni oʻtkazib yuborishga majbur.

Oʻzbekiston – Ummon bilan bir vaqtda boʻlib oʻtgan “Yaponiya – Turkmaniston” oʻyini 3:2 hisobida yakunlandi.

Oʻzbekiston jamoasi navbatdagi oʻyinni 13 yanvarda Turkmaniston jamoasiga qarshi oʻtkazadi.

Eslatib oʻtamiz, 2019 yilgi Osiyo kubogi BAAda 5 yanvardan 1 fevralga qadar boʻlib oʻtadi. Oʻzbekiston bilan bir guruhda Ummon, Turkmaniston va Yaponiya jamoalari ishtirok etmoqda.



Read more: sputniknews-uz.com, фото-Twitter / Official AFC Asian Cup