Eng yuqori koʻrsatkichga erishgan sektor rahbarlari avtomobil bilan taqdirlanadi

9 января 2019 Eng yuqori koʻrsatkichga erishgan sektor rahbarlari avtomobil bilan taqdirlanadi

Sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi.

Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tumanlar (shaharlar) hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha sektorlar shtabi tarkibiga kiritiladigan idora va tashkilotlarning namunaviy roʻyxati tasdiqlandi.

Mazkur roʻyxatga, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar, soliq, moliya organlari va boshqa bir qator davlat idoralari kiritildi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini oʻrganishning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha komissiyaga bir qator qoʻshimcha vazifalar yuklandi.

Xususan, Komissiya sektorlarning “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili asosida ularga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatish hamda faoliyatini nazorat qilish boʻyicha hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq organlarida vertikal boshqaruv tizimini joriy etadi.

2019 yil 1 fevraldan quyidagilar joriy etiladi:

- sektorlar shtabiga kiritilgan idora va tashkilotlarning har bir sektor boʻyicha masʼul xodimlari sektor rahbari bilan kelishilgan holda biriktiriladi va almashtiriladi;

- sektor rahbari boshchilik qiladigan idoradan sektor shtabi kotibi sifatida alohida xodim biriktiriladi;

- tumanlar (shaharlar) sektorlari rahbarlari haftada kamida bir marotaba, hududiy sektor rahbarlari esa oyda kamida ikki marotaba joylarga chiqqan holda qabullar oʻtkazadi.

2019 yil 1 apreldan respublika boʻyicha yagona elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Mazkur elektron tizimga uyma-uy yurish, oʻtkazilgan suhbatlar, kelib tushgan murojaatlar natijasida aniqlangan muammolar va ularning hal etilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar hamda boshqa maʼlumotlar kiritiladi.

Barcha sektorlar rahbarlari respublika axborot tizimiga maʼlumotlarning oʻz vaqtida va toʻliq kiritib borilishi uchun shaxsan masʼuldir.

Qarorga muvofiq, sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimi joriy etiladi hamda yil yakunlariga koʻra yuqori koʻrsatkichlarga erishgan sektorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Eng namunali sektor”, “Eng tashabbuskor sektor rahbari”, “Eng faol sektor shtabi aʼzosi” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovi oʻtkaziladi.

Bunda baholash natijasiga koʻra, eng yuqori koʻrsatkichga erishgan 2 nafar sektor rahbari avtotransport vositasi bilan taqdirlanadi, sektorlar faoliyatini namunali tashkil etgan rahbarlar va uning ishida faol qatnashgan boshqa shtab aʼzolari qimmatbaho sovgʻalar bilan mukofotlanadi.

Shu bilan birga, faoliyati samarasiz deb baholangan sektor rahbarlariga nisbatan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi.



Read more: sputniknews-uz.com, фото-Aleksey Suxorukov