Neʼmatovning soʻzlariga koʻra, birinchi forumdan keyin bu ishni davom ettirish haqida kelishuv boʻlgan. 2019 yilda ham mintaqalararo forumi boʻlib oʻtadi va bu tadbir sanasi tez orada eʼlon qilinadi
Oʻzbekiston va Rossiya 2019 yilda oʻtkaziladigan mintaqalararo biznes forumga tayyorgarlik koʻrmoqda, deb taʼkidladi seshanba kuni oʻtkazilgan brifingda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov. Sputnik Oʻzbekiston muxbiri xabariga asosan.
Vazir oʻrinbosari joriy yil oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi boʻlib oʻtgani va ushbu tashrif juda muvaffaqiyatli kechganini qayd etdi.
"Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchisi boʻlib ishlaganman va shuni taʼkidlash mumkin-ki, Oʻzbekiston va Rossiya tarixida bu qadar koʻlami keng tashrif boʻlmagan", - dedi diplomat.
Neʼmatovning soʻzlariga koʻra, Putinning tashrifi doirasida oʻtkazilgan mintaqalararo forum Oʻzbekiston uchun yangi va juda maʼqul format.
"Chunki regionlar bir-biri bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot olib borsalar, masalalar ham tezroq hal boʻladi. Hukumat, davlat tuzilmalari va boshqa idoralar orqali masalalarni hal etish birmuncha qiyin. Shu bois, bugungi kunda mintaqalararo aloqalar jadal rivojlanmoqda", - dedi Neʼmatov.
Siyosatchining soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston viloyatlari rahbarlari Rossiya Federatsiyasiga muntazam borib kelishmoqda. Xususan, Namangan viloyati hokimligi delegatsiyasi Chelyabinskda, Fargʻona viloyatiniki - Ufada, Toshkent viloyati delegatsiyasi esa Orenburgda boʻlib qaytishgan.
"Oʻzbekiston tomon ham Rossiya tomoni ham bu kabi forumlarni oʻtkazishdan manfaatdor. Albatta, kelasi yilda ham oʻtkazamiz. Ammo eʼtibor bergan boʻlsangiz, Senatdagi majlisda (17 yalpi majlis haqida gap bormoqda, - tahr.) bu savolga javob bergan edim. Biror tadbirni oʻtkazishdan oldin unga tayyorgarlik koʻriladi. Sababi, har bir uchrashuv, har bir tashrifdan aniq natija olinishi lozim. Oʻzbekiston prezidenti ham bir necha marotaba "biz shunchaki turistik tashriflarni amalga oshirmasligimiz kerakligi" haqida gapirganlar. Bunday forumlarda iqtisod, turistik sohasilariga juda katta eʼtibor qaratishimiz kerak", - deb qayd etdi diplomat.
Neʼmatovning soʻzlariga koʻra, birinchi forumdan keyin bu ishni davom ettirish haqida kelishuv boʻlgan. 2019 yilda ham mintaqalararo forumi boʻlib oʻtadi va bu tadbir sanasi tez orada eʼlon qilinadi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.