Tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida qonun loyihasi tayyorlandi.
Bosh prokuratura tomonidan “Tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi tayyorlandi.
Qonun loyihasida davlat nazoratini amalga oshirishning asosiy printsiplari yozilgan:
- jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan tadbirkorlik subʼyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
- nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;
- tadbirkorlik subʼyektlarining qonuniy faoliyatiga aralashmaslik;
- tadbirkorlik subʼyekti huquqlarining ustuvorligi, unga muvofiq qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va uning davlat tomonidan nazorat qilinishi bilan bogʻliq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib boʻlmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik subʼyektining foydasiga talqin etiladi;
- tadbirkorlik subʼyektlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻymaslik, uning barvaqt oldini olish va profilaktikasi samaradorligini oshirishni taʼminlash.
Shuningdek, nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatida quyidagilarga yoʻnaltirilgan profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshiradi: Masalan, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish; ularning faoliyatida qonuniylikni mustahkamlash; huquqbuzarliklar sodir etilishi sabablarini, ularni keltirib chiqaradigan shart-sharoitlarni aniqlash va oʻrganish va boshqalar.
"Profilaktik chora-tadbirlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻzlari tasdiqlagan har choraklik manzilli dasturlar asosida huquqiy tashviqotlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Profilaktik chora-tadbirlar oʻtkazish davomida huquqbuzarliklar sodir etish holatlari aniqlangan taqdirda, nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari huquqbuzarlik sodir etilishi sabablarini va uni keltirib chiqargan shart-sharoitlarni oʻrganib chiqishi shart", - deyilgan hujjat loyihasida.
Shu bilan birga, yangi hujjat loyihasida aytilishicha, profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatiga aralashish, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini cheklash va har qanday koʻrinishdagi huquqiy taʼsir choralarini qoʻllashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Yangi qonunning 6-moddasida “Xavfni tahlil qilish” tizimiga alohida eʼtibor qaratilgan.
Xususan, tadbirkorlik subʼyektlari oʻz faoliyatida qonun hujjatlarini buzish xavfi darajasini davlat nazoratining tegishli sohasidga oid aniq mezonlar asosida aniqlash mexanizmini nazarda tutadi.
“Xavfni tahlil qilish” tizimi tadbirkorlik subʼyektlari bilan oʻzaro aloqaga kirishmasdan qoʻllaniladi, ular tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli nazorat organlariga hisobotlar taqdim etish hollari bundan mustasno”, - deyilgan qonun loyihasida.
Nazorat qiluvchi organlar faoliyatiga “xavfni tahlil qilish” tizimini joriy etish mezonlari va tartibi nazorat qiluvchi organlar tomonidan vakolatli organ hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan holda, oʻzlari amalga oshiradigan nazorat xususiyatlaridan kelib chiqib belgilanadi.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Pixabay