Xorijda mehnat qilib qaytgan oʻzbekistonliklar OIVga majburiy tekshiruvdan oʻtkaziladi

24 декабря 2018 Xorijda mehnat qilib qaytgan oʻzbekistonliklar OIVga majburiy tekshiruvdan oʻtkaziladi

“OIV infektsiyasi yuqumli kasallik boʻlib, bemordan sogʻlom odamga asosan jinsiy yoʻl orqali yuqadi. OIV bilan kasallangan shaxsning qoni va qon mahsulotlari sogʻlom odamga qoʻyilganda, tibbiy muolajalar sterilizatsiya qilinmagan tibbiy jihozlar bilan amalga oshirilganda, boshqa shaxs ishlatgan soqol olish ustarasi, tish chetkalarini ishlatganda yuqishi mumkin”, - deyilgan hujjat tushuntirish xatida.

“Oʻzbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga qoʻshimcha kiritish haqida” Qonun loyihasimuhokamaga qoʻyildi.

Qonun loyihasini qabul qilinishidan maqsad, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIV infektsiyasiga majburiy ravishda tekshiruvdan oʻtkazishning qonuniy asoslarini yaratish hisoblanadi.

2013 yil 23 sentyabrda qabul qilingan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infektsiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida” Qonunining 15-moddasi birinchi qismi “uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslar” mazmundagi xat boshi bilan toʻldiriladi.

Shu bilan birga, “Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida” hukumat qarori muhokamaga qoʻyildi.

Xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tekshiruvdan oʻtkazish tartibi ishlab chiqildi.

Qaror loyihasida Ichki ishlar, DXX Davlat chegaralarini himoya qilish, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi bu yoʻnalishdagi aniq vazifalari, masʼuliyati belgilab berildi.

Bunda, IIV DXX  chegara qoʻshinlari tomonidan fuqarolarni yagona avtomatlashtirilgan xisobga olish tizimiga kiritilgan maʼlumotlar asosida uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan har bir shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotni xududiy ichki ishlar organlari orqali mahalla fuqarolar yigʻiniga yetkazilishini taʼminlaydi.

Mahalla fuqarolar yigʻini xorijiy davlatlarda mehnat qilib qaytgan shaxslar oʻrtasida OIV infektsiyasining profilaktikasi boʻyicha tushuntirish-targʻibot ishlarini amalga oshiradi, ularni OIVga tekshirish uchun tibbiyot muassasasiga yoʻnaltiradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi fuqaroning yashash joyidagi tibbiyot muassasasi xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtishini tashkil etadi. OIVga tekshiruvdan oʻtgan shaxslar boʻyicha maʼlumot almashinuvini yoʻlga qoʻyadi.

Moliya vazirligiga uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda boʻlib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan oʻtkazish uchun test-sistemalarni, shprits, skarifikator, reagentlar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun davlat byudjetidan zarur mablagʻ ajratilishini taʼminlash vazifasi yuklatiladi. Buning uchun Davlat byudjetidan qoʻshimcha 30,0 milliard soʻm mablagʻ ajratilishini talab etadi.

 

https: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Said Tsarnayev