Oʻqituvchining soʻzlariga koʻra, bugun, 21 dekabr kuni ularga "oxirgi srok" qoʻyilgan. Pullar maktab rahbarlari tomonidan yigʻilmoqda . Pul yigʻish topshirigʻi shahar XTBsidan kelib tushgan
Тoshkent viloyati Nurafshon shahri taʼlim maskanlarida, Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning oxirgi ogohlantirishiga qaramay, majburiy obuna davom etmoqda, deb xabar qildi Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
"Maktabimiz rahbariga obunaga pul berish niyatim yoʻqligini tushuntira olmayapman. Bizga maʼlum qilinishicha, bugun, 21 dekabr kuni obuna boʻyicha oxirgi "srok" qoʻyilgan. Pul topshirmagan maktab rahbarlari xalq taʼlimi boʻlimlari rahbarlari tomonidan "oʻz xohishi bilan ariza yozishga" majburlanishi kutilmoqda", - deydi muxbir bilan intervyuda Nurafshon shahridagi taʼlim maskanlarining birida dars beradigan oʻqituvchi.
Oʻqituvchining soʻzlariga koʻra, Xalq taʼlimi boʻlimi mutasaddilari tomonidan shahardagi maktablarda majlislar oʻtkazildi. Ushbu majlislarda asosiy masala sifatida davlat tasarrufidagi mahalliy nashrlarga obuna boʻlish oʻrtaga tashlangan. Bu tadbirlar goʻyoki ixtiyoriy deb taʼkidlanayotgan boʻlsa-da, oʻqituvchilarning deyarli barchasi bunga rozi emas. Ammo ishidan ayrilib qolishdan qoʻrqib, rahbar talabiga boʻysunayotganlari ham topilmoqda.
Xususan, toʻlov summasi 150 ming soʻmdan 300 ming soʻmgacha qabul qilinmoqda. Hozirga kelib oʻqituvchilarning bir qismi ushbu toʻlovni majburan amalga oshirib ham boʻlishgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov sal oldin XTB rahbarlariga soʻnggi ogohlantirish maktubini yoʻllagan va oʻz murojaatida oʻqituvchilardan majburiy obunaga pul yigʻishni toʻxtatishni talab qilgan edi.
Nurafshon shahar XTB idorasi xodimlari Shermatovning bu ogohlantirish xatidan xabari yoʻqday. Shu bois shahar XTB maktab direktorlari va oʻqituvchilarni "obuna" kabi masalalar bilan ovora qilishda davom etmoqda.
Bekobod tumani XTB rahbari majburiy obuna tufayli ishdan olindi>>>
Xususan, shahardagi ayrim maktab oʻqituvchilari hali ham mahalalardagi xonadonlarni aylanib, hokimlik buyruqlarini bajarishga majbur boʻlmoqda.
Sputnik muxbirining ushbu holat yuzasidan izoh olish maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi bilan bogʻlanishga urinishi hech qanday natija bermadi. Matbuot-xizmati tomonidan tavsiya etilgan qisqa "1006" raqamidagi operator ovozi "hozirda barcha operatorlar bandligini va sal keyin bogʻlanishga urinib koʻrish" kerakligini aytmoqda.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / fragolerosse