Mirziyoyev afv etgan shaxs: endi faqat halol mehnat qilaman

21 декабря 2018 Mirziyoyev afv etgan shaxs: endi faqat halol mehnat qilaman

Samarqand viloyatida prezident tomonidan avf etilganlarni ishga joylashtirish ishlari boshlab yuborilgan

 Giyohvand modda savdosiga aralashib qolib, ozodlikdan mahrum etilgan va prezident tomonidan afv etilgan shaxs endilikda faqat jamiyat rivoji yoʻlida halol mehnat qilishga vaʼda berdi, deb xabar qilmoqda Samarqand viloyati hokimligi matbuot-xizmati.

Afv etilgan U.Hamdamov 3 nafar farzandning otasi.

"Inson uchun oila, farzandlar oldida boʻlishdek aziz neʼmat yoʻqligini angladim. Uyga qaytishim bilan qoʻshaloq bayramlar boshlanib ketdi. Yaqinda toʻngʻich qizimni turmushga beryapman. Yurtimizda olib borilayotgan ezgu ishlar menga ana shunday baxtni hadya etdi. Ishga joylashish uchun yoʻllanma oldim. Endi faqat oilam va jamiyatimizning rivoji yoʻlida halol mehnat qilaman", - deydi u.

Eslatib oʻtamiz, Mirziyoyev Konstitutsiyaning 26 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda maxsus farmonni imzolaganini, unga koʻra, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan va ayni paytda ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtayotgan 136 nafar shaxs afv etilganini aytgan edi.

Prezidentning ana shu farmoniga asosan, 15 nafar samarqandlik jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan.

Samarqand viloyat hokimligi huzuridagi muqaddam sudlanganlarni ijtimoiy muhitga moslashtirish markazi rahbari oʻrinbosari Abduxalil Jabborovning taʼkidiga koʻra, jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan fuqarolarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishi uchun pasporti boʻlganlariga eng kam oylik ish haqining 5,5, pasporti yoʻqolgan va birinchi marta olayotganlariga 6 baravari miqdorida (jami 17 million 28 ming soʻm) ijtimoiy-moddiy yordam koʻrsatilgan.

Ularning barchasi joylardagi tibbiy muassasalar tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Shuningdek, afv etilgan shaxslarning ishga joylashishi uchun mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.



Read more: sputniknews-uz.com,фото-© Sputnik / Aleksey Kudenko