Bosh prokuratura rasmiy vakili Xalqaro Press-klubning ilk bor yoʻlga qoʻyilgan yangi formatdagi loyihasida tizimdagi oʻzgarishlar, Gulnora Karimovaning hozirda qayerdaligi va oylik maoshini olomayotgan ishchilar borasida berilgan savollarga javob qaytardi
Xalqaro Press Klubda ilk marotaba Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari bir vaqtda, bitta safda qoʻshma matbuot-anjumanida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.
Xususan, Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi rasmiy vakili Xalqaro Press-klubning ilk bor yoʻlga qoʻyilgan yangi formatdagi loyihasida tizimdagi oʻzgarishlar, Gulnora Karimovaning hozirda qayerdaligi va oylik maoshini olomayotgan ishchilar borasida berilgan savollarga javob qaytardi.
Norma ijodkorligi - prokurorlar faoliyatining bosh boʻgʻini
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshevga koʻra, Bosh prokuratura yil davomida Oʻzbekiston Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqishda bevosita qatnashib keladi.
"Norma ijodkorligi prokurorlar faoliyatining juda ham muhim boʻgʻinlaridan biriga aylandi va bu ish juda katta safarbarlikni talab etdi. Davlat dasturlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarda aniqlangan, aholi farovonligining real oʻsishiga va joylarda ish holatini tubdan yaxshilanishiga toʻsqinlik qilayotgan mavjud muammolar chuqur tahlil qilinib, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida bir xulosalarga kelindi", - dedi Yoʻldoshev.
Bosh prokuratura tomonidan 2018 yil davomida 100ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari ishlab chiqilgan. Shulardan oltmish oltitasi bugungi kunda qabul qilingan va amaliyotgan joriy etilmoqda, dedi Bosh prokuror oʻrinbosari.
Gulnora Karimova va Rashid Qodirovlar ishi ne kechdi?
Yoʻldoshev jurnalistlarga Gulnora Karimova, Rashid Qodirov va Abdusalom Yoʻldoshevlarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar taqdiri ne kechayotgani xususida ham soʻzlab berdi.
Huquq posbonining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston sobiq Bosh prokurori Rashid Qodirov ishi boʻyicha tergov jarayoni yakunlanish arafasida.
Ushbu jinoyat ishi haqida aholi batafsil xabardor qilinadi, deya vaʼda berdi u.
Davlat soliq qoʻmitasi sobiq raisining birinchi oʻrinbosari Abdusalom Yoʻldoshevga nisbatan ochilgan jinoyat ishi boʻyicha esa tergov jarayoni davom etmoqda. Oʻzbekiston Birinchi prezidentining qizi Gulnora Karimova Oʻzbekistonda jazoni oʻtamoqda.
Prokuror nazorati amalga oshirilyaptimi?
Sputnik muxbiri tomonidan Andijon va Toshkent viloyati "Oʻzpaxtasanoat" korxonasi ishchilari oylik ish haqlarini ololmayotganlari borasida berilgan savolga javoban Yoʻldoshev prokuratura organlarining ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish jarayonida qonuniylikni taʼminlash boʻyicha faoliyati juda kengligini taʼkidlab oʻtdi.
© STV
Bosh prokuror lavozimiga prezident maslahatchisi tayinlandi
"Prokuror nazorati hujjatlarini qoʻllash orqali 78 918 nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi. Siz aytayotgan masalada qancha odam oʻzlarining ish haqlarini ololmaganliklarini bilmayman, lekin bir odamning boʻlsa ham "ish haqimni olmadim", "meni taʼtilga chiqishdan huquqlarim buzildi" yoki boʻlmasam, "rahbarim tomonidan menga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilayapti" degan mazmundagi har bitta arizasi qonunda belgilangan muddatlarda aniq mansabdor shaxs tomonidan koʻrib chiqiladi va prokuratura organlari tomonidan tegishli choralar koʻriladi", - deb taʼkidladi Bosh prokuror oʻrinbosari.
Oylik ish haqlarini vaqtida bermaganlik uchun koʻrilgan zararlar undirilishi haqida toʻxtalar ekan, "prokurorlarning qoʻllagan taʼsir choralari natijasida tekshirishlar va jinoyat ishlarining tergovi jarayonida 1 trillion 800 milliard soʻm koʻrilgan zararlar undirib berilgani"ni maʼlum qildi va bularning ichida fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash jarayonlari ham borligini qayd etdi.
"Siz keltirgan murojaatga keladigan boʻlsak, bunday murojaatlarning barchasi alohida tekshiruv, alohida oʻrganishni talab etadi. Agar kerakli maʼlumotlar bizga berilsa, biz tegishli tekshiruvlarni oʻtkazamiz va natijasi haqida sizga batafsil xabardor qilamiz", - dedi Yoʻldoshev Sputnik muxbiriga.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Dilshoda Raxmatova.