Amerika Qoʻshma Shtatlari Oʻzbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning toʻngʻich qizi - Gulnora Karimovaga nisbatan sanktsiyalarni uzaytirdi
AQSH Magnitskiy qonuni asosida Oʻzbekistonning sobiq rahbari Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sanktsiyalarni uzaytirdi. Bu haqda AQSH kongressi aʼzolariga prezident Donald Trampdan yoʻllangan maktubda aytilgan, deb xabar qiladi RIA Novosti.
"Men federal reyestrga chop etish uchun ilovada koʻrsatilgan bildirish qogʻozini yoʻlladim, hujjat 2017 yil 20 dekabrdagi №13818 hukumat farmoyishida tilga olingan mamlakatdagi alohida choralar 2018 yil 20 dekabrdan uzoqroq muddatga uzaytirilishi kerakligini eʼlon qiladi", - deyiladi Oq uy matbuot-xizmati tomonidan tarqatilgan maktub matnida.
Gap AQSH prezidentining bir yil oldingi farmoni haqida bormoqda. Unga koʻra, AQSH Magnitskiy akti doirasida qator shaxslar, xususan, RF bosh prokurori Yuriy Chayka va Gulnora Karimovaga nisbatan sanktsiyalar kiritgan.
2017 yilning dekabrida ushbu roʻyxatga butun dunyodan 13 kishi, shuningdek, 39 nafar jismoniy shaxslar va ular bilan bogʻliq kompaniyalar kirgan. Ular orasida Gambiyaning sobiq prezidenti Yayya Djamme, xitoylik davlat xavfsizligi amaldori Gao Yan, "Berkut"ning sobiq komandiri Sergey Kisyuklar bor.
AQSH 2012 yilning dekabr oyida amerika hukumatiga koʻra, inson huquqlari buzilishiga aloqador boʻlgan rossiyaliklarga nisbatan sanktsiya kiritadigan Magnitskiy aktini qabul qilgan. Rossiya hukumati oʻz navbatida Magnitskiy ishining siyosiy tus olishiga yoʻl qoʻyib boʻlmasligi toʻgʻrisida bir necha bor qayd etgan. Keyinchalik bu aktga global qonun tusi berilgan, unga koʻra, sanktsiyalar RF fuqarolari bilan chegaralanib qolmasligi, balki AQSH versiyasiga koʻra, fuqarolari inson huquqlarini poymol etadigan har bir davlatga nisbatan qoʻllanilishi kerak.
Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Valeriy Levitin