Dehqonga shu vaqtgacha uning haqqini toʻliq bermaganmizda, moyidan ham aktsiz soligʻi olganmiz, dedi Senatdagi chiqishi vaqtida Oʻzbekiston Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov
Oʻzbekiston Moliya vazirligi paxta yogʻiga solinadigan aktsiz soligʻidan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati 17-yalpi majlisida mamlakat Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik
"Inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, narxlar keskin oshib ketishini oldini olish va oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarishni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida, paxta yogʻiga aktsiz soligʻini bekor qilish taklif qilinayapti. Paxta yogʻi respublikadagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan biri boʻlganligi sababli aktsiz soligʻining bekor qilinishi uning narxi keskin oshib ketishini oldini olishga xizmat qiladi", - deb taʼkidladi vazir.
Qoʻchqorov Oʻzbekistonda yillar davomida paxta moyiga aktsiz soligʻi solib kelinganligini qayd etar ekan, "dehqonga shu vaqtgacha uning haqqini toʻliq bermaganmizda, moyidanam aktsiz soligʻi olganmiz", dedi.
Vazirga koʻra, oʻtgan yil prezident Mirziyoyev qarori bilan aktsiz soligʻi birdaniga ikki barobar qisqartirilgan boʻlsa, endilikda vazirlik 2019 yildan oziq-ovqat mahsulotlaridan hech qanday aktsiz soliq olinmasin, degan topshiriq ijrosini taʼminlashni oʻz boʻyniga olgan.
Qoʻchqorov oʻsimlik yogʻiga aktsiz soligʻi kelgusi yildan bekor qilinishi bilan bir vaqtda chigitning narxi keskin oshirilishini qoʻshimcha qildi.
https:sputniknews-uz.com, фото -© Sputnik / Aleksandr Pogotov