Qozogʻistonda yonib ketgan avtobus haydovchilari yoʻlovchilar oʻz-oʻzini qutqarishlari mumkin edi, deya taʼkidlashmoqda. "Biz oynalarni urib sindirdik, ular nega tashqariga sakramadi, bizga qorongʻi", deyiladi ularning koʻrsatmalarida
TOSHKENT, 19 sen – Sputnik. Qozogʻistonda yonib ketgan avtobus ishi boʻyicha sud majlisida fojiada omon qolgan haydovchilar soʻroqqa tutildi. Avtobus haydovchilari oʻz aybini tan olishmoqda va yongʻindan omon qolgan oʻzbekistonliklarni qoʻshimcha soʻroq qilishni talab qilishmoqda, deb xabar qildi Sputnik Qozogʻiston.
Haydovchilardan biri Nurjan Qirgʻizbayev sud va prokurorga avtobus texnik soz boʻlgani, uning buzilishiga sifatsiz solyarka sabab boʻlganligi haqida gapirib bergan. Shuningdek, haydovchi, avtobus salonida uchta oʻtoʻchirgich va oynalarni buzib tashqariga chiqish uchun toʻrtta bolgʻa boʻlganini aytgan.
"Yongʻin boshlanganida, haydovchilar nega ulardan foydalanishmadi, men bilmayman. Ular shunday qilishlari mumkin edi", - degan sudlanuvchi.
Oʻz navbatida, haydovchining sherigi Maksat Pernebekovning taʼkidlashicha, yoʻlovchilardan biri avto salonda plastik idishga solingan allaqanday suyuq yoqilgʻini toʻkkan va shundan soʻng salon yonib ketgan.
Pernebekovning soʻzlariga koʻra, yongʻin roʻy bergan vaqtda, u avtobus salonida boʻlmagan va shu bois, boʻlib oʻtgan voqealarni yaxshi eslolmaydi. Chunki faqat kasalxonada oʻziga kelgan.
"Bizni buksirga olishi uchun bir avtobusni toʻxtatdik, uning 22 yoʻlovchisi bor edi. Ular bizga avtobusdagi yongʻinni oʻchirishga yordam berishmadi! Biz oʻtni oʻzimiz oʻchirardik, avtobusdagilar esa joyidan qimirlamasdi, ularning koʻz oʻngida odamlar yonib ketayotganini tomosha qilib oʻtirishardi! Biz oʻsha toʻxtatgan avtobusimizdan oʻtoʻchirgichlarni oldik va yoʻlovchilar tashqariga sakrab chiqishlari uchun oynalarni urib sindirdik, biz uch yoki toʻrtta oynani sindirdik, ular nega sakrashmadi, men bilmayman", - degan oʻz koʻrsatmalarida haydovchi.
Haydovchining aytishicha, yonayotgan avtobusdan chiqishga muvaffaq boʻlgan ikki yoʻlovchi boshqa avtobusda yashiringan va u yoqdan turib yuz berayotgan hodisani tomosha qilgan.
"Yongʻin endi boshlangan vaqtda, ular avtobusdan qochib chiqishgan! Ular salondan chiqishmadi, bizga yongʻinni oʻchirishga yordam berishmadi! Ularni taklif qiling, gapirib berishsin, nega bunday qilishganini. Endi hammasida biz aybdor boʻlib qolayapmiz", - deya oʻz noroziligini bildirgan Pernebekov.
Jabrlanuvchilar Barak Tanatovdan, u yongʻin vaqtida nima qilganligi haqida soʻrashgan.
"Yongʻin boshlanganda uyquda boʻlganman, chunki men ikkinchi haydovchi edim. Men ham bu yongʻinda pullarimdan ayrildim. Quyi Novgorodga oʻzimga mashina sotib olish uchun borayotgandim, pullarim yonib ketdi", - deb aytgan haydovchi.
Shundan soʻng jabrlanuvchilar avtobus yoʻlovchilari roʻyxati qayerdaligini soʻrashgan. "Bilmayman", degan javobni eshitgach esa, baqirib, haydovchini qargʻashga tushganlar.
"Biz yongʻin roʻy bergan vaqtda avtobus ichida kimlar boʻlganini bilmaymiz, roʻyxat yonib ketgan, balki kimdir yoʻlda tushib, omon qolgandir, agar roʻyxat boʻlganida, bu holatga balki oydinlik kiritish mumkin boʻlardi", - deb aytgan jabrlanuvchilardan biri.
Jabrlanuvchilar sud zalida yoʻq, ular Turkiston viloyatidalar va jarayonda Sariagʻash shahrining tuman sudidan videoaloqa orqali qatnashishmoqda, deb yozadi nashr.
Boʻlib oʻtgan oldingi sud majlislaridan birida, 18 yanvar kuni Samara-Shimkent trassasida avtobusda halok boʻlgan oʻzbekistonlik fuqarolarning qarindoshlari, yuz bergan hodisa boʻyicha maʼlum qilingan rasmiy versiyaga ishonmasliklarini bildirishgan. Ularning bunday deyishlariga jasadlarning yoʻqligi, yopiq tobutlar, shuningdek, Aqtoʻbedagi sud jarayonida tirik qolgan ikki yoʻlovchining ishtirok etmayotgani asos boʻlib xizmat qilgan.
"Biz oʻsha fojia yuz bergan joyda boʻlmaganmiz. Kim aybdorligi faqat Allohga ayon", - deb taʼkidlashgan oʻzbekistonliklar.
Bundan tashqari, qarindoshlarning soʻzlariga koʻra, halok boʻlgan oʻzbekistonliklarning telefonlari haligacha ishlamoqda, ammo oʻsha raqamlarga telefon qilib tusha olmadik, deb yozadi nashr.
Fojia joriy yilning 18 yanvarida Samara - Shimkent trassasining 1068-kilometrida roʻy bergan. Harakatda boʻlgan Kassbohrer Setra yoʻlovchi avtobusi yonib ketgan. Avtobus ichida 55 nafar oʻzbekistonlik va uch nafar haydovchi - Qozogʻiston fuqarolari boʻlishgan.
Jabrlanuvchilarning besh nafari yonayotgan avtobus salonidan chiqishga muvaffaq boʻlganlar, qolganlari tiriklay yongan.
Haydovchilar Barat Tanatarov, Nurjan Qirgʻizbayev va Maksat Pernebekovlarni yongʻin xavfsizligi qoidalarini hamda transport ekspluatatsiyasi qoidalarini buzganlikda ayblashmoqda.
Ularni 10 yilgacha qamoq jazosi kutmoqda.