Bogʻchaga bormaydigan bolalarga majburiy boshlangʻich taʼlim beriladi

11 декабря 2018 Bogʻchaga bormaydigan bolalarga majburiy boshlangʻich taʼlim beriladi

Boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtgan bolalarga tegishli davlat namunasidagi sertifikatlar beriladi.

  Bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorlashga bosqichma-bosqich oʻtish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2018–2019 oʻquv yilidan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Fargʻona viloyati hamda Toshkent shahrida bolalarni majburiy taʼlimga bepul bir yillik tayyorlashni joriy etish tajriba loyihasi amalga oshiriladi.

Mazkur tajriba loyihasini amalga oshirishda Maktabgacha taʼlim vazirligining asosiy vazifalari belgilab berildi.

Shuningdek, qaror bilan bolalarni boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik bepul tayyorlash tajriba guruhlarini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, tajriba guruhlari maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan bolalarga maktabgacha taʼlim va tarbiya olishda yordam berish, buning uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida tashkil etiladi.

Tajriba guruhlarida taʼlim-tarbiya jarayonini yoʻlga qoʻyish uchun alohida xonalar ajratiladi va ulardan faqat maqsadli foydalaniladi, zarur boʻlsa ularga alohida eshikdan kirish tashkil etiladi.

Tajriba guruhlarida 1 sentyabr kunida 5 yoshu 6 oylik boʻlgan, maktabgacha taʼlim muassasasiga bormayotgan bolalar qabul qilinadi.

Shuningdek, nizomga koʻra taʼlim-tarbiya jarayoni bolalarning ovqatlanishini tashkil etish shartisiz bir haftada kamida 15 soat (bir kunda 3-4 soat) oʻqitishni nazarda tutuvchi maktabgacha taʼlim muassasalari uchun davlat oʻquv dasturi asosida tashkil etiladi.

Bitta guruhda bolalar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.

Majburiy tayyorlov guruhlari uchun 2018–2019 oʻquv yili 2018 yil 10 dekabrdan boshlanadi va 2019 yil 10 avgustda tamomlanadi.

Boshlangʻich taʼlimga majburiy bir yillik tayyorgarlikdan oʻtgan bolalarga tegishli davlat namunasidagi sertifikatlar beriladi.



Read more: sputniknews-uz.com, фото - Press-slujba prezidenta Uzbekistana