Oʻzbekiston va Tojikiston temir yoʻllari bir birlariga chegirmalar taqdim etmoqchi

24 января 2019 Oʻzbekiston va Tojikiston temir yoʻllari bir birlariga chegirmalar taqdim etmoqchi

Har ikki davlat temir yoʻl tarmogʻida yuk va yoʻlovchi tashishni koʻpaytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha fikr almashdi.

 “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aktsiyadorlik jamiyatida “Rohi ohani Tojikiston” davlat unitar korxonasi rahbariyati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.  Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda yozilishicha, Oʻzbekiston va Tojikiston temir yoʻl tarmoqlari oʻrtasida tranzit yuklarni tashish, vagonlarga texnik xizmat koʻrsatish, uni taʼmirlash borasida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, oʻtgan 2018 yilda ikki davlat uchun muhim boʻlgan bir qator yuklarga preferentsiyalar berildi, import-eksport tashuvlarda oʻziga xos chegirmalar taqdim etildi. Shu bilan birga yoʻlovchi tashishda bir qator qulayliklar yaratildi.

“Tadbirda asosiy eʼtibor yuk va yoʻlovchi tashish sohasida oʻzaro kelishgan holda ish olib borish, tranzit yuklari hajmlarini oshirishga qaratildi. Shuningdek, 2019 yilda ikki tomondan taqdim etiladigan chegirmalar xususida ham fikr yuritildi”, - deyiladi xabarda.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aktsiyadorlik jamiyati va “Rohi ohani Tojikiston” davlat unitar korxonasi rahbariyati bilan uchrashuvi.

Shuningdek, har ikki davlat temir yoʻl tarmogʻida yuk va yoʻlovchi tashishni koʻpaytirish borasida yangi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha ham soʻz yuritildi. Oʻzaro suhbat chogʻida ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi va amalga oshirilishi zarur boʻlgan eng muhim vazifalar belgilab olindi.  Uchrashuv soʻnggida muhokama etilgan masalalar yuzasidan yigʻilish bayonnomasi imzolandi.



Read more: sputniknews-uz.com, фото-© Sputnik / Igor Onuchin