Oʻzbekiston aholisi orasida “Alpomish” va “Barchinoy” testlari oʻtkaziladi

20 декабря 2018 Oʻzbekiston aholisi orasida “Alpomish” va “Barchinoy” testlari oʻtkaziladi

Davlat organlari va tashkilotlarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.

Yuqumli boʻlmagan kasalliklarning profilaktikasini, sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va aholining jismoniy faolligi darajasini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan, 2019–2022 yillarda yuqumli boʻlmagan kasalliklar profilaktikasi, aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligi darajasini oshirish Kontseptsiyasi hamda Dasturi tasdiqlandi.

Kontseptsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish natijasida quyidagilarga erishiladi:

- meva va sabzavotlar isteʼmolini 15 foizga oshirish;

- osh tuzi isteʼmolini 15 foizga qisqartirish;

- aholining jismoniy faolligini 10 foizga oshirish;

- alkogol va tamaki mahsulotlari isteʼmolini 10 foizga qisqartirish;

- semirish va qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlar sonini oʻsishini toʻxtatish;

- tibbiy muassasalarni jihozlar va dori vositalari bilan taʼminlanganlik darajasini 50 foizga yetkazish;

- yuqori xavf darajasiga ega va yuqumli boʻlmagan kasallikka chalingan bemorlarning kamiga 50 foizini dori-darmon terapiyasi bilan taʼminlash;

- barvaqt oʻlim holatlari darajasini 10 foizga qisqartirish. 

Dastur doirasida sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollik, tamaki va alkogol mahsulotlarini isteʼmol qilishdan voz kechish boʻyicha, shu jumladan ishonch telefonlari va “tezkor aloqa tarmogʻi” orqali qisqa maslahatlar berish tizimi joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, xodimlar jamoasining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratish – davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholashning asosiy mezonlaridan biri etib belgilandi.

Shuningdek, Respublika diyetologiya oʻquv-ilmiy markazi negizida Aholining sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi, hududlarda Markazning boʻlimlari, tumanlarda (shaharlarda) boʻlinmalari tashkil etildi.

Sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, yuqumli boʻlmagan kasalliklarga qarshi kurashish hamda oldini olish boʻyicha dasturlarni ishlab chiqish va joriy etish Markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishi hisoblanadi.

Hukumat tomonidan 2019 yil 1 dekabrgacha alkogol va tamaki mahsulotlar isteʼmolini cheklash boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

2019–2020 oʻquv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasi magistraturasining yangi “Nutritsiologiya” yoʻnalishi ochiladi.

Shuningdek, qaror bilan endilikda davlat organlari va tashkilotlarida:

- ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari;

- haftasiga kamida bir marotaba xodimlarning jismoniy tarbiya tadbirlarida ishtirok etishini nazarda tutadigan “Salomatlik kuni”;

- xodimlar orasida sport musobaqalari joriy etiladi.

Davlat organlari va tashkilotlarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlarini bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi.

Aholining keng qatlamlari orasida “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlari oʻtkaziladi.



Read more:sputniknews-uz.com, фото-© Press-slujba xokimiyata g. Tashkent.