Har qanday investor mablagʻ kiritish uchun joy qidirganda u biror hududdagi mamlakatlar orasida tanlov oʻtkazadi. Bu maʼnoda Markaziy Osiyoda Oʻzbekistonning asosiy raqibi bu - Qozogʻiston, dedi Ortiqxoʻjayev.
Bugun dunyoda har bir dollar investitsiya uchun qattiq kurash ketayapti, dedi Toshkent shahar hokimi va senator Jahongir Ortiqxoʻjayev senat majlisida, Sputnik muxbiri xabariga asosan.
- Moliya vaziri tomonidan taqdim etilgan jadvalda Oʻzbekiston soliq tizimi Latviya, Vengriya Frantsiyadan afzal ekanligini koʻrsatildi. Lekin har qanday investor mablagʻ kiritish uchun joy qidirganda u biror hududdagi mamlakatlar orasida tanlov oʻtkazadi, - dedi Ortiqxoʻjayev.
"Markaziy Osiyo hududida xalqaro investitsiyalar uchun Oʻzbekistonning asosiy raqibi bu – Qozogʻiston, deb oʻylayman. Qozogʻiston bilan solishtirganda bizning soliq stavkalar raqobatni yutqazib qoʻymasmikan?", - deb savol berdi Jahongir Ortiqxoʻjayev.
senator aytishiga qaraganda, Qozogʻistonda daromad soligʻi 10 % , Oʻzbekistonda - 12 %. Qozogʻistonda qoʻshilgan qiymat soligʻi 12 %, Oʻzbekistonda - 20 %.
Moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov, ushbu savolga javob berarkan xalqaro investitsiyalar uchun raqobat faqat solik stavkalari bilan oʻlchanmasligini, balkim kiritilgan kapitalga daromad qaytish koʻrsatgichi va boshqa koʻplab mezonlar hisobga olinishini taʼkidladi.
Agar sarmoya xom ashyo sohasida boʻlsa, xom ashyoga ehtiyoj miqdori, agar sarmoya tayyor mahsulot sohasida boʻlsa - ichki bozorning kattaligi va eksport bozorlarga kirish imkoniyatlari hisobga olinadi. Undan tashqari, Oʻzbekistonga kelayotgan sarmoyadorlar bir qator soliqlardan ozod qilingan, - dedi vazir.
Shu bilan bir vaqtda Jamshid Qoʻchqorov har bir ishning oʻz vazifasini borligini va hadeb soliqlarni qisqartiraverish ham yaxshi natijalarga olib kelmasligini taʼkidladi.
Vazir fikriga koʻra, soliqlarning asosiy vazifasi bu investitsiya jalb qilish emas, balkim mamlakatdagi muhim ijtimoiy va siyosiy masalalarni hal qilish.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston oxirgi yil davomida sarmoyalar jalb qilish bilan faol shugʻullanmoqda. Ushbu maqsadda Respublika qonunchiligiga sarmoyadorlarni ragʻbatlantiruvchi turli imtiyozlar kiritilgan. Undan tashqari Toshkentda va viloyatlarda doimiy ravishda investitsion forumlar tashkil qilib kelinmoqda.
Read more: sputniknews-uz.com, фото Ramiz Baxtiyarov